1

1

Men, Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning quli Yoqub, jahonga tarqalib ketgan o‘n ikki qabilaga salomatlik tilayman.

2

Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo‘lganingizda, uni katta sevinch bilan qabul qilinglar.

3 Shuni bilinglarki, imoningizning sinalishidan sabr-toqat hosil bo‘ladi.

4 Sabr-toqat to‘la samarasini ko‘rsatsin, toki sizlar hech bir narsadan kamchiliksiz, komil va nuqsonsiz odamlar bo‘linglar.

5

Agar sizlardan biror kishining hikmati kamlik qilsa, hammaga samimiyat bilan, ta’na qilmasdan beruvchi Xudodan so‘rasin, Xudo unga beradi.

6 Lekin hech shubha qilmasdan, imon bilan so‘rasin. Chunki shubha qiluvchi kishi shamolda tebrangan dengiz to‘lqiniga o‘xshaydi.

7 [7-8] O‘zining butun yo‘llarida beqaror, ikkilanuvchi bunday odam Rabbimdan biror narsa olaman, deb xayol qilmasin.

8

9

Nochor ahvoldagi birodar o‘zining yuksalishi bilan maqtansin.

10 Boy esa o‘zining pasayishi bilan maqtansin. Chunki u o‘tning guliday so‘lib qoladi.

11 Quyosh chiqib, jazirama issig‘i bilan o‘tni quritib yuboradi. O‘tning guli to‘kiladi, butun go‘zalligi yo‘qoladi. Xuddi shu singari boyning ham hayot yo‘li xazon bo‘ladi.

12

Sinovga sabr-toqat qilgan odam baxtiyordir. Chunki u sinovdan o‘tgach, Rabbimizni sevuvchilarga nasib bo‘ladigan hayot tojiga sazovor bo‘ladi.

13 Vasvasaga tushganda hech kim: “Xudo meni sinab ko‘rayotir”, — demasin. Chunki Xudo yomonlik vasvasasiga tushmaydi, O‘zi ham hech kimni vasvasaga solmaydi.

14 Lekin har kim o‘zining ehtirosiga berilib, aldanib vasvasaga duchor bo‘ladi.

15 Keyin ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi, gunoh esa yetilib, o‘limga sabab bo‘ladi.

16

Ey sevikli birodarlarim, aldanmanglar!

17 Har bir ne’mat, har bir mukammal hadya yuqoridan, samoviy nurlar Otasidan tushadi. Unda hech qanday o‘zgarish yo‘q, o‘zgaruvchan ko‘lanka ham yo‘q.

18 Xudo haqiqat kalomi orqali bizga hayot bag‘ishladi, chunki O‘z yaratganlari orasida birinchi o‘rinni egallashimizni xohladi.

19

Ey sevikli birodarlarim, shuni bilinglarki, har bir odam eshitishda chaqqon, gapirishda vazmin, g‘azab vaqtida og‘ir bo‘lsin.

20 Chunki inson g‘azabi Xudoning odil hukmini amalga oshira olmaydi.

21 Shuning uchun har qanday ifloslikni, ko‘p bo‘lib qolgan yomonliklarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yinglar, Xudoning qalbingizga ekib qo‘ygan kalomini muloyimlik bilan tan olinglar. Ana bu kalom jonlaringizni qutqarishga qodir.

22

O‘z-o‘zingizni aldab, Xudo kalomining faqat tinglovchilarigina emas, balki ijrochilari bo‘linglar.

23 Agar biror kishi kalomni tinglab, ijro etmasa, u o‘zining asl yuzini ko‘zguda ko‘rgan odamga o‘xshab qoladi.

24 Odam o‘ziga qaradi-yu ketdi va darhol qanday ekanligini unutib yubordi.

25 Lekin mukammal Qonunga, Xudoning erk beruvchi Qonuniga yaqindan qarab, unga qat’iy amal qilgan kishi, ya’ni unutuvchan tinglovchi emas, balki ishni bajaruvchi kishi o‘z yo‘lida baxtiyor bo‘ladi.

26

Agar orangizdagi biror kishi o‘zini dindor hisoblab, tilini tiymasa, u o‘z vijdonini aldagan bo‘ladi va uning dindorligi befoydadir.

27 Otamiz Xudoga ma’qul tushadigan din-diyonat poklik va benuqsonlikni talab qiladi, ya’ni yetim-yesirlarni qayg‘uli kunlarida yo‘qlab borishimiz lozim hamda bu dunyoning nopokliklaridan o‘zimizni toza saqlashimiz kerak.

2

1

Ey birodarlarim, ulug‘vor Rabbimiz Iso Masihga bo‘lgan imoningizni yuz-xotirchilikdan toza saqlanglar.

2 Agar sizlarning yig‘ilishingizga oltin uzukli, bashang kiyimli bir odam bilan juldur, kir kiyimli kambag‘al bir odam kirsa-yu,

3 sizlar bashang kiyinganga qarab: “Marhamat qilib to‘rda o‘tiring”, — kambag‘alga esa: “Sen poygahda tur” yoki “Shu yerga, oyog‘im ostida o‘tir”, — desangiz,

4 sizlar yuz-xotirchilikka borib, bu bilan yomon niyatli qozilarga o‘xshab qolmaysizlarmi?!

5

Ey sevikli birodarlarim, quloq solinglar: Bu dunyoda kambag‘al hisoblanganlarni Xudo O‘zi tanlab, imonda boy qildi-ku! U O‘zini sevganlarga va’da berganidek, ularni O‘z Shohligidagi merosdan bahramand qildi.

6 Lekin sizlar-chi, kambag‘alni beobro‘ qilib tashladingiz! Sizlarni jabr-zulm qilgan, mahkamalarga sudrab olib borgan boylar emasmi?!

7 Sizlar aziz bir Nom bilan tanilmoqdasizlar, bu Nomni haqorat qilgan ular emasmi?!

8

Tavrotda: “O‘zgani o‘zing kabi sevgin” deb buyurilgan. Agar sizlar bu Shoh amriga mukammal rioya qilayotgan bo‘lsangiz, unda yaxshi ish qilayotgan bo‘lasizlar.

9 Lekin agar yuz-xotirchilik qilayotgan bo‘lsangiz, gunoh qilyapsiz va Ilohiy Qonun oldida jinoyatchi bo‘lib qolasizlar.

10 Kimki Ilohiy Qonunning hamma moddalariga rioya qilsa-yu, faqat bir narsada gunoh qilsa, u butunlay gunohkor bo‘lib qoladi.

11 Chunki “Zino etma” degan Xudo ayni zamonda “Odam o‘ldirma” ham degan. Agar sen zino qilmasang-u, ammo odam o‘ldirsang, baribir Xudo Qonunini buzgan bo‘lasan.

12

Sizlar Xudoning erk beradigan Qonuni bo‘yicha hukm qilinuvchilar kabi gapiringlar va harakat qilinglar.

13 Chunki hukm shafqatsizga shafqatsizdir. Shafqat esa hukmdan ustun keladi.

14

Ey birodarlarim, agar biror kishi imoni borligini aytsa-yu, xayrli ishlar qilmasa, nima foydasi bor? Bunday imon uni qutqararmikin?

15 Biron birodar yoki singil yalang‘och va rizqi-ro‘zdan mahrum bo‘lsa-yu,

16 birortangiz ularga: “Eson-omon borib, isining va ovqatlaning”, — desangiz, lekin ularning tanasi ehtiyojini qondirmasangiz, bundan nima foyda?

17 Xuddi shunday amalsiz imon ham o‘zi-o‘zidan o‘likdir.

18

Endi biror kishi: “Sening imoning bor, mening xayrli ishlarim bor”, — deyishi ham mumkin. Qani, xayrli ishlarsiz imoningni menga ko‘rsatgin, men esa senga imonimni xayrli ishlarim orqali ko‘rsataman!

19 Sen Xudoning yagonaligiga ishonasanmi? Yaxshi qilasan! Jinlar ham ishongani uchun dahshatdan titraydilar.

20

Ey aqlsiz odam, xayrli ishlarsiz imonning foydasiz ekanligini bilmaysanmi?

21 Otamiz Ibrohim ham o‘g‘li Is’hoqni qurbon qilmoqchi bo‘lganida, o‘z xayrli ishlari tufayli oqlangan-ku!

22 Ko‘ryapsanmi? Uning imoniga xayrli ishlari omil bo‘lgan. Imoni xayrli ishlari bilan takomillashgan.

23 Tavrotda: “Ibrohim Xudoga ishondi va shu tariqa oqlandi”, — deb yozilgan. Bu so‘z ro‘yobga chiqib, Ibrohim Xudoning do‘sti deb atalgan.

24

Ko‘ryapsizlarki, inson faqat imoni tufayligina emas, balki xayrli ishlari tufayli ham oqlanadi.

25

Yana fohisha Rahobani misol qilib olaylik: u josuslarni qabul qilib, pinhona yo‘ldan jo‘natib, xayrli ish qilgan va shu tariqa oqlangan.

26

Xullas, ruhsiz badan o‘lik bo‘lganidek, xayrli ishlarsiz imon ham o‘likdir.

3

1

Ey birodarlarim, biz, ustozlar, jiddiyroq hukmga duchor bo‘lishimizni bilasizlar, shuning uchun ko‘plaringiz ustoz bo‘lavermanglar.

2 Chunki hammamiz ko‘p xato qilamiz. Agar kim so‘zlayotganda xato qilmasa, u komil insondir, butun vujudini ham tiyib olishga kuchi yetadi.

3 Bizga itoat etishi uchun otlarning og‘izlariga suvluq solib, ularning butun vujudini boshqaramiz.

4 Mana, kemalar ham, qancha ulkan bo‘lmasin va kuchli shamollar bilan yurmasin, kemachining ko‘ngli qayerni istasa, juda kichik bir rul bilan boshqara oladi.

5 Til ham xuddi shunday badanning kichkina bir uzvidir, ammo u ko‘p lof uradi.

Qara, kichik bir uchqun naqadar katta o‘rmonni yondirib yuboradi!

6 Til — bir olov, uzvlarimiz orasida bir buzg‘unchi dunyo! U butun vujudimizni bulg‘aydi. U jahannamdan alangalanib, butun falakni ham yondiradi.

7

Har xil yovvoyi hayvon, qush, sudraluvchi va dengiz hayvoni inson zoti tomonidan tiyilgan va tiyilmoqda.

8 Ammo tilni hech bir inson tiya olmaydi. U to‘xtatib bo‘lmaydigan yovuz kuchdir, o‘ldiradigan zahar sochib turadi.

9 Tilimiz bilan Rabbimiz va Otamizni maqtaymiz, tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarga la’nat o‘qiymiz.

10 Maqtash va la’natlash bir og‘izdan chiqadi. Ey birodarlarim, bu shunday bo‘lmasligi kerak!

11 Axir, bitta buloqdan shirin va achchiq suv oqib chiqadimi?

12 Ey birodarlarim, anjir — zaytun yoki tok novdasi anjir bera oladimi? Sho‘r buloq ham shirin suv bermaydi-ku!

13

Orangizdagi dono va fahmli kishi kim? Unday odam bor bo‘lsa, yaxshi yurish-turishi bilan, donolikdan dalolat beruvchi muloyimligi bilan o‘zini ko‘rsatsin.

14 Agarda yuragingizda rashk-hasad va xudbinlik bo‘lsa ham, manmanlik qilib haqiqatni rad etmanglar.

15 Bunday donolik yuqoridan tushmagan. Bunday donolik dunyodan, moddiyatdan, jin-ajinadan tug‘ilgan.

16 Chunki qayerda hasadgo‘ylik va xudbinlik hukm sursa, u yerda tartibsizlik va har xil yaramaslik paydo bo‘ladi.

17

Lekin yuqoridan tushgan donolik esa, birinchidan, pokdir. Ikkinchidan esa, murosali, muloyim, bo‘ysunuvchan, to‘la mehr-shafqatli, yaxshi samaralar bilan to‘lib-toshgan, beg‘araz va riyosizdir.

18 Shu tariqa solihlik urug‘i sepilib, tinchlikparvarlar uchun osoyishtalik barpo bo‘ladi.

4

1

Orangizdagi janjal va to‘qnashuvlar qayerdan kelib chiqadi? Tanangizning uzvlarida o‘zaro jang qilayotgan nafsu ehtiroslaringizdan emasmi?

2 Bir narsa orzu qilyapsizlar, ammo orzungiz amalga oshmagach, odam o‘ldiryapsizlar. Hasad qilyapsizlar, ammo maqsadingizga erisha olmagach, talashib tortishyapsizlar. Xudodan so‘ramaganingiz uchun sizlarda yo‘q.

3 So‘rayapsizlar-u, lekin olmayapsizlar, chunki yomon niyat bilan, nafsingizni qondirish uchun so‘rayapsizlar.

4

Ey vafosizlar, dunyo bilan do‘stlik Xudoga dushmanlik ekanligini bilmaysizlarmi? Kim dunyo bilan do‘st bo‘lishni istasa, Xudoga dushman bo‘ladi.

5 Nahotki sizlar: “Xudo ichimizga solgan ruhni nihoyatda qizg‘anadi” degan oyatni inobatga olmaysizlar?

6 Biroq Xudoning inoyati bunga qaraganda yanada saxiyroq, chunonchi boshqa oyatda shunday aytilgan:

“Xudo mag‘rurlarga qarshi,

Ammo kamtarlarga inoyatlidir”.

7

Shunday qilib, Xudoga itoat qilinglar. Iblisga qarshi turinglar, shunda u sizlardan qochadi.

8 Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi. Ey gunohkorlar, qo‘llaringizni gunohdan tozalanglar! Ey hardamxayollar, ko‘ngillaringizni to‘g‘ri qilinglar!

9 Qayg‘uringlar, motam tutinglar, nola qilinglar! Kulgingiz yig‘iga, shodligingiz motamga aylansin.

10 Rabbingiz oldida o‘zingizni past olinglar, U esa sizlarni yuksaltiradi.

11

Ey birodarlarim, bir-biringizni yomonlamanglar. O‘z birodarini yomonlagan yoki ayblagan kishi Ilohiy Qonunni yomonlagan hisoblanadi. Agar sen Ilohiy Qonunni ayblasang, sen Qonunning ijrochisi emas, balki qozisi bo‘lasan.

12 Qonun chiqaruvchi va hukm qiluvchi Xudo esa yagonadir. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega. Sen kim bo‘libsanki, birodaringni hukm qilasan?

13

Xo‘sh, sizlar: “Bugun yoki ertaga falon shaharga borib, u yerda bir yil yashab, savdo-sotiq qilib, foyda ko‘ramiz”, — deysizlar-u,

14 lekin ertaga nima bo‘lishini bilmaysizlar. Hayot o‘zi nima? Hayotingiz — birpas ko‘rinib, keyin parlanib ketadigan bug‘ kabi narsa.

15 Buning o‘rniga sizlar: “Agar Rabbimiz xohlasa, biz tirik qolib, uni yoki buni qilamiz”, — deb aytishingiz kerak.

16 Holbuki, sizlarning dimog‘ingiz ko‘tarilib, kekkayib yuribsizlar. Har qanday kekkayish esa yovuzlikdir.

17

Shunday qilib, kim xayrli ish qilishni bilsa-yu, uni amalda qilmasa, gunoh hisoblanadi.

5

1

Keling endi, ey boylar, boshingizga tushadigan falokatlar uchun faryod etinglar, yig‘langlar!

2 Chunki boyligingiz chirib ketgan, kiyimingizni kuya yegan.

3 Oltinu kumushlaringizni zang bosgan. Mana, ularning zangi sizga qarshi guvohlik beradi va tanangizni olovday yondiradi. Sizlar dunyoning oxirgi kunlariga boylik orttirib kelmoqdasizlar.

4 Ekinlaringizni o‘rgan o‘roqchilarning ish haqini ushlab qoldingizlar. Mana, sizlar ushlab qolgan pullar o‘zi faryod qilmoqda! O‘roqchilarning dod-fig‘oni qudratli Egamning qulog‘iga yetib bordi.

5 Sizlar dunyoda ortiqcha nash’u namoga berilib, kayf-safoda yashadingizlar. Qurbonlik kuniga kelguncha yuraklaringizni yog‘ bosdi.

6 Sizlarga qarshilik ko‘rsata olmagan sofdil odamni qoralab, qatl qildingizlar.

7

Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso qayta kelgunga qadar sabr-toqat qilinglar. Dehqon ham goh kuzgi, goh bahorgi yomg‘irlar yoqqunga qadar sabr-toqat bilan kutib, yer undirgan qimmatbaho hosilni yig‘ib-teradi.

8 Xuddi shu singari, sizlar ham sabr-toqatli bo‘linglar, dilingiz quvvatga to‘lsin. Chunki Rabbimizning kelishi yaqinlashib qoldi.

9

Ey birodarlarim, aybdor bo‘lmaslik uchun bir-biringizning ustingizdan shikoyat qilmanglar. Mana, hukm qiluvchi Rabbimiz eshik oldida turibdi.

10

Ey birodarlarim, Xudovand nomidan gapirgan payg‘ambarlarning azob-uqubatga qanday chidaganliklaridan o‘rnak olinglar.

11 Sabr qilganlari uchun ularni baxtiyor hisoblaymiz. Ayubning sabr-toqati haqida eshitgansizlar, umrining oxirgi kunlarida Xudovand u uchun nimalar qilganini bilasizlar. Xudovand ko‘p shafqatli va marhamatlidir.

12

Ey birodarlarim, eng avvalo na yer haqi, na osmon haqi va na boshqa narsa haqi qasam ichmanglar. Aybdor bo‘lmasligingiz uchun, “ha” degan joyda “ha” deng, “yo‘q” degan joyda “yo‘q” deng.

13

Agar orangizda biror kishi azob-uqubat chekayotgan bo‘lsa, ibodat qilsin. Agar birov ko‘tarinki ruhda bo‘lsa, hamdu sanolar o‘qisin.

14 Agar sizlardan biror kishi bemor bo‘lsa, imonlilar jamoatining oqsoqollarini chaqirsin. Ular Rabbimiz Iso nomi bilan duo qilib, bemorning boshiga yog‘ surkasinlar.

15 Imon bilan qilingan duo bemorni sog‘aytiradi, Rabbimiz O‘zi uni tuzatadi. Agar bemor gunoh qilgan bo‘lsa, Rabbimiz uni kechiradi.

16 Shunday qilib, shifo topishingiz uchun, bir-biringiz oldida qilgan gunohlaringizga iqror bo‘linglar va bir-biringiz uchun ibodat qilinglar. Solih odamning zo‘r berib qilgan iltijosi kuchli ta’sirga egadir.

17

Mana, Ilyos payg‘ambar ham bizga o‘xshash bir inson edi. Yomg‘ir yog‘masin deya, u astoydil iltijo qildi va yer yuziga uch yilu olti oy yomg‘ir yog‘madi.

18 U yana iltijo qilgach, osmondan yomg‘ir yog‘di va yerdan hosil unib chiqdi.

19

Ey birodarlarim, agar sizlardan biror kishi haqiqat yo‘lidan bosh tortsa, uni yana haqiqatga qaytarishga tirishinglar.

20 Bilinglarki, gunohkorni xato yo‘ldan qaytargan kishi o‘limdan bir jonni qutqargan va ko‘p gunohlarni yuvgan bo‘ladi.